Gulbadanbegim:Har kimki,meni so’rsa,salomimni degil

31.12.08 | Xurshid


http//photoload.ru/data/c1/50/2a/c1502ae5a4d514baec129f729c266e.jpg

Gulbadanbegim:Har kimki,meni so’rsa,salomimni degil
Author: Suyima G‘aniyeva
Publisher: 'O'zbekiston adabiyoti va san`ati' gazetasi
Publication date: 14 Avgust 2008
Language:Uzbek/O‘zbekcha

“Har kimki,meni so’rsa,salomimni degil!


“Bobur bunyod etgan davlat, garchi bobolariniki singari bepoyon mintaqalarga yoyilmagan bo‘lsa-da, u o‘z saltanatining sultoni — buyuk imperator darajasiga ko‘tarildi. O‘z mulkida boshqaruv tizimini mahkam tutib, uni mohirlik bilan idora qildi. Bu o‘lkani mahorat bilan boshqargan buyuk sulolaga asos soldi”, deb yozadi Margaret Rumer Goden o‘zining “Gulbadan” nomli kitobida.
Gulbadanbegim Boburshoh va Dildorbegimning uchinchi qizidir. U 1523 yili Kobulda tug‘ilgan. Bobur ra’yiga ko‘ra, uni Mohimbegim tarbiyalagan. Bu g‘oyat go‘zal, aqlu idroki yuksak, nihoyatda xushfe’l va mulozamatli ayol Humoyun mirzodan boshqa yana 2 o‘g‘il va 2 qiz ko‘rgan, lekin ular yoshligida vafot etganlar. Shu bois, Bobur Gulbadanni unga topshirganda farzandlar dog‘idan birmuncha chalg‘ishini ham nazarda tutgan ko‘rinadi.
Gulbadan yoshlikdan juda idrokli, kitobsevar, odobli, tahsilga berilgan qiz bo‘lgan. 7-8 yoshlaridan Humoyun, Komron, Askariy, Hindol, Gulrangbegim, Gulchehrabegim va Gulbadanbegim uning yonida bo‘lishgan.
1529 yilga qadar Kobulda yashagan Gulbadanbegim keyin Ograga kelgan edi.
Gulbadanbegim Humoyunshoh saroyidagi nufuzli mansabdorlardan bo‘lgan Xizrxojaxonga uzatilgan va undan ikki o‘g‘il, bir qiz ko‘rgan.
Gulbadanning tarixiy asarlarga dilbastaligini bilgan, Humoyundan keyin taxtga o‘tirgan Akbarshoh, unga “Humoyunnoma”ni yozishni taklif qilgan. “Boburnoma”ning o‘ziga xos bir davomi bo‘lgan bu asar 1552 yili Komron mirzoning ko‘ziga mil tortilishi — daxshatli voqea bayoni bilan tugallanmay qolgan.
1902 yili Annetta Beverij tomonidan “Humoyunnoma” ingliz tiliga, 1959 yili esa, S.Azimjonova tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Hozirda A.Quronbekov bu asarning yangi tarjimasini tayyorladi.
Ana shu noyob asarning muallifi haqida ingliz adibasi Margaret Rumer Goden (1904 — 1998) 1980 yili “Gulbadan” nomli kitob yozdi. Asar to‘rt qismdan iborat:

1. Boburshoh davri;
2. Boburshoh;
3. Humoyun hukmdorligi davri;
4. Akbar hukmdorligi davri.

Asarda qaysi shoh davri bo‘lmasin, nima haqda so‘z ketmasin, asosiy timsol Gulbadanbegim, uning hayotiga oid tafsilotlar muallifning diqqat markazida turadi.
Muallif muslima ayollar taomillarga yoshlikdan rioya qilishlarini alohida ta’kidlaydi. Shu ma’noda, u o‘z qahramonining Boburga o‘xshash tabiatini doim nazarda tutadi. Kitob mutolaa qilganini, Qur’oni karimni bilishini, besh vaqt namozni ado etib, e’tiqodining mustahkam bo‘lishiga nechog‘li intilganini o‘rni-o‘rnida bayon etadi.
Mohimbegim (Boburning katta xotini) Kobuldan Ograga kelishida birga bo‘lgan Gulbadanning jajji qiz bo‘lishiga qaramay, xotirasini hayajonli kuzatuvlar bilan to‘ldirib borgani asarda ta’sirli ifodalangan. Boburning Mohimbegim istiqboliga chiqqani, otining jilovidan tutib, uyiga yetguncha piyoda kelgani haqidagi lavha Hindistonda e’lon qilingan ingliz tilidagi bir maqolada: “Bu holat uning jentelmenligini ko‘rsatadi”, deya talqin etilgan edi. Bu talqin, bir tomondan, Boburning Mohimbegimga mehr-muhabbatini ifodalasa, ikkinchi tomondan, Bobur shaxsiyatidagi oliyjanoblikni, sadoqatli ayolga muruvvatli bo‘lishdek fazilatlarini namoyon qiladi.
Asarda Gulbadanning Bobur huzurida bo‘lishi, shoh o‘tkazgan yig‘in, ziyofatlarning ishtirokchilari (asosan, ayollar) haqidagi mufassal hikoyatlari badiiy yo‘sinda keltirilgan. Ayni chog‘da, turli-tuman yurishlaru ko‘ngilsiz voqealar, fitna-fujurlarga munosabati ham izchil yoritib berilgan.
Asarda Boburning oxirgi damlari Gulbadan nomidan yoniq iztirob bilan, “Boburnoma”dagi ta’kidlarga asoslanilib, yoziladi. Lekin “Humoyunnoma”da bu tafsilot anchayin boshqacha bayon etiladi. Humoyunning og‘ir ahvolini ko‘rgan Bobur o‘zining yozishiga ko‘ra, ”...tabiblar har necha doru darmon berdilar yaxshi bo‘lmadi. Mir Abdulqosimkim, ulug‘ kishi erdi, arzga yetkurdikim, ushmundoq dardlarga darmon budurkim, yaxshi nimarsalardin tasadduq qilmoq kerak. Toinki tengri taolo sihhat bergay. Mening ko‘nglumg‘a keldikim, Muhammad Humoyun(ning) mendin o‘zga yaxshiroq nimarsasi yo‘q. Men o‘zum tasadduq bo‘layin, Xudo qabul qilsun. Xoja Xalifa, o‘zga muqarrablardin arzga tegurdilarkim, Muhammad Humoyun sihhat topar, siz bu so‘zni nechun tilingizga kelturasiz. G‘araz budurkim, dunyo molidin yaxshisini tasadduq qilmoq kerak. Bas, o‘shal olmoskim, Ibrohim urushida tushub erdi, Muhammad Humoyunga inoyat qilib erdingiz, tasadduq qilmoq kerak. Tilga keldikim, dunyo moli aning evaziga nechuk bo‘lg‘ay, men aning fidosi qilurmenkim, hol ancha mushkul bo‘lubtur. Va andin o‘tubturkim, men aning betoqatlig‘iga toqat kelturgaymen. O‘shal holatga kirib, uch qatla boshidin o‘rgulub, dedimkim: Men ko‘tardim har ne darding bor. O‘shal zamon men og‘ir bo‘ldum, ul yengil bo‘ldi. Ul sihhat bo‘lub qo‘pti, men noxush bo‘lub yiqildim. A’yoni davlat va arkoni mamlakatni chorlab, bay’at qo‘llarini Humoyunni qo‘lig‘a topshurdum”.
Gulbadanbegim “Humoyunnoma”da bu fojeali lavhaning davomini quyidagicha yozadi: “Yaqin ikki-uch oy (kasal bo‘lub) yotib qoldilar. ... har soat Hindol qaerda... qanday bo‘lib ketgan, kimga o‘xshaydi, deb so‘rardilar... Tabiblar hazratning tomirlarini ko‘rib, Sulton Ibrohimning onasi bergan zaharning alomati bor, deyishdi... 937 yili jumad il-avval 5-kuni — dushanba kuni vafot tarixlaridur”.
Asarda Mohimbegimning tabiatiga oid tafsilotlar ham anchagina. U 940 yil shavvol oyining 18-chi kuni (1534 yil 23 aprel) olamdan o‘tadi.
Humoyunning Hamidabonuga uylanishi tafsilotlari bir qadar “Humoyunnoma”dan ma’lum edi. “Gulbadan” asarida Humoyunning bu xususda tush ko‘rgani bayoni bor: bir avliyo kelib, tushkunlikka tushganida unga tasalli berib: “Mardona bo‘l, g‘am chekma”, deya qo‘lidagi asoni unga tutqazibdi va “Ollohning marhamati bilan sen bir o‘g‘il ko‘rasan. Ismini Jaloluddin Muhammad Akbar qo‘ygin”, debdi. Humoyun avliyoning ismini so‘raganda “Janda Fil Ahmad Jomiy, u farzand mening naslimdan bo‘ladi”, deb javob beribdi.
Hamidabonuning 1542 yil 12 avgustda Amarxot degan joyda erta tongda ko‘zi yoriydi — Akbar tug‘iladi. Humoyunning uzoqdaligi, podshohlikning qiyin ahvoldaligi asarda yaxshi yoritilgan. Podshohning mulozimlaridan Javhar oftobachining xotiralaridan shunday bir ta’sirli, nekbin orzu bilan yo‘g‘rilgan lavha keltiriladi: “Podshoh hazratlari menga bir dona mushk olib kelishni buyurdilar. Keyin chinni tovoq keltirishni so‘radilar va mushkni sindirib, bo‘laklarini beklariga tarqatdilar-da: bu o‘g‘limning tavalludi munosabati bilan sizlarga bera oladigan yagona hadyamdir. Lekin, aminmanki, uning shuhrati hozir xuddi shu mushk hidi chodirni to‘ldirib turganidek, bir kuni kelib butun jahonga taraladi, dedilar”.
Margaret Goden asaridagi ba’zi ma’lumotlar boshqa manbalardagidan farqlidir. Masalan, Humoyunning Dehlidagi hashamatli maqbarasi Hamidabonu tomonidan qurdirilgan, deyilardi. Asarda yozilishicha, uni Humoyunning katta xotini Hojibegim qurdirgan va chodir tikib qurilish ishlarini shaxsan o‘zi kuzatib turgan ekan.
Gulbadanbegimning haj ziyorati haqidagi ma’lumotlarda ham u hajga Komron mirzo bilan borgan, deyilardi. Vaholanki, u hajga Humoyunning katta xotini Hojibegim, Boburning kanizagi Gulnor, xonanda Sarvqad, Askariy mirzoning bevasi, Gulsum ismli nabirasi bilan borgan ekan. Safar mobaynidagi mashaqqatlar asarda batafsil va hayajonli yoritilgan. Yetti yildan so‘ng, 1582 yil may oyida Gulbadan va hamrohlari Ograga qaytadilar.
Xonzodabegimning Shayboniyxonga tegishga rozi bo‘lgani, bu go‘zal va oqila ayolning onasi, ukasi Boburning, ikkinchi eri va yolg‘iz farzandi Xurramshohning hayotdan ko‘z yumishlari, shahzodalarning nizolari uni charchatgani, o‘g‘li vafotidan keyin asrab olgan qizining Hindol mirzoga uzatilishi, Qandahordan Kobulga qaytishda uch kun isitmalab vafot etgan Xonzodabegim tog‘lar orasidagi bir qishloqda dafn etilishi va uch oy o‘tgach Bog‘i vafoga keltirib, Boburshoh yoniga qo‘yganlari bayoni asardagi g‘oyat yodda qoladigan tafsilotlardir.
Margaret Rumer Goden o‘z asarini yaratishda “Boburnoma”, “Humoyunnoma”, “Akbarnoma” va Hindistonda yaratilgan bir qancha tadqiqotlar, xotiralarga tayangan, ulardagi ma’lumotlarni ayolning nafis qalbi, teran aqlu idroki, pokiza e’tiqodi, ezgu orzulari, dardli armonlari bilan bog‘lab talqin qilgan.
Sharq mumtoz adabiyotidagi shoiralar haqidagi tazkiralarda Gulbadanbegimning shunday bir bayti keltiriladi:

Har pariro‘yonki, u ba oshiqi xud yor nest,
Tu yaqin medonki, hech az umr bar xurdor nest.

(Har bir pari yuzli go‘zal o‘z oshiqiga yor emas ekan, sen aniq bilgilki, u hayotdan bahramand emas.)

Majoziy muhabbat tarannum etilgan mazkur bayt zamiridagi orzu-armonlarga ishora aniq sezilib turadi.
Muarrix va shoira Gulbadanbegim ulug‘ otasi Boburshoh xotirasiga ta’zim qilib yashagan, uning yoniq yurak bilan yozgan g‘azal va ruboiylarini yoddan bilgan, albatta. Shu o‘rinda Boburning bir ruboiysini keltirish joyiz ko‘rindi:

Ey yel, borib ahbobqa komimni degil,
Har kim meni bilsa,bu kalomimni degil,
Mendin demagil gar unutulg‘on bo‘lsam,
Har kimki, meni so‘rsa salomimni degil.

Suyima G‘aniyeva

O`zbekiston adabiyoti va san`ati
14 Avgust 2008


Ïîäåëèòåñü çàïèñüþ â ñîöñåòÿõ ñ ïîìîùüþ êíîïîê:

Ïðîñìîòðîâ: 11150
Ðåéòèíã:
  • 5

Ðåêëàìà îò ïàðòíåðîâ: