Yozuvchi Nazar Eshonqul bilan ikki suhbat

05.12.08 | Xurshid


http//photoload.ru/data/83/03/a7/8303a79b1e19a194f1875981be5bdb6f.jpeg

San'at qalb va ruhni qutqaradi /«Men bitta adabiyotni bilaman...»
Yozuvchi Nazar Eshonqul bilan ikki suhbat
Publisher: "Adabiyot va san’at " gazetasi / Milliy yoshlar portali
Publication date: 24 Avgust 2007/03 - oktabr 2008

San'at qalb va ruhni qutqaradi

"O‘zbekiston adabiyoti va san’ati " gazetasi

24 - avgust 2007 yil


Yozuvchining ijodiy kontseptsiyasi ko‘proq nimalarda aks etadi. Uning qahramonlari tabiatidami yoxud adibning tasvir usullarida? “Sariq matbuot” e’lon qilayotgan soxta asarlar haqiqiy san’at asarlarini baholash mezonlariga ta’sir ko‘rsatmayaptimi? Bu savollar adabiyot muxlislari bilan birga adabiyotchilaru adiblarning o‘zlarini ham o‘ylantirishi tabiiy. Oliy Adabiyot kursi bitiruvchisi E’tibor Norbo‘taevaning taniqli adib Nazar Eshonqul bilan suhbati shu xususda bahs etadi.

— Nazar aka, avvalo suhbatimizni kitoblaringiz muqovalarida beriladigan suratlardan boshlasak. Negaki, ular shunchaki qarab qo‘yiladigan suratlar emas. Ularni o‘zingiz tanlaysizmi yo rassom ixtiyoriga topshirasizmi?

— Kitoblarimdagi suratlarni ukam — adabiyotshunos Jabbor Eshonqul tanlagan. Mening kitob nashr qilish uquvim yo‘q. Keyingi uchala kitobdagi suratlar ham Salvador Dali suratlari. Bu suratlar mening ruhiyatimga yaqinroq. Nashr va bezak ishlarini ukamga topshirganman.

— Asarlaringizda tez-tez rassom obraziga murojaat qilib turasiz. Bu nima bilan bog‘liq? Umuman, ushbu san’at turiga nechog‘li qiziqish, hurmat bilan qaraysiz?

— Rassom obrazi — bu, meningcha, amalga oshmay qolgan orzularimdan bo‘lsa kerak. Rassom bo‘lishni ko‘p orzu qilganman. Keyin ichki “meni”imni rassom obrazi orqali berish o‘zim uchun qulay va oson. Men rassomning tasavvur dunyosiga yaqindayman. Shuning uchun shu yo‘lni tanlagan bo‘lsam kerak. Aslida, rassom bu — mening o‘zim. Umuman, men o‘zimni hikoyalarimda faylasuf, olim, rassom, bastakor, qadim qo‘shiqni aytuvchi qiyofasida tez-tez tasavvur qilib turaman.

Agar san’at asari bo‘lsa, men har qanday san’at turini hurmat qilaman va hayratga tushaman. San’at insoniyat paydo bo‘lganidan beri yaratgan millionlab narsa-vositalar ichida Qalbni va Ruhni qutqarishi, davolashi mumkin bo‘lgan birdan bir vosita. San’atsizlik — vahshiylikdir, degan kimdir. Men san’atdan bir qadam uzoqlashish — yovuzlikka bir qadam yaqinlashish degan bo‘lardim. (Mening san’at haqidagi fikrimning bugun o‘zlarini “san’at yulduzlari” deb atayotganlarga hech qanday aloqasi yo‘q.)

— Hozircha o‘quvchilarga e’lon qilingan to‘rtta qissangiz ma’lum. Lekin shulardan uchtasi (“Urush odamlari”, “Qora kitob”, “Tun panjaralari”) adabiy davralarda tez-tez tilga olinadi. “Momoqo‘shiq” esa deyarli eslanmayotgandek. Buning sababi nimada, deb o‘ylaysiz?

— “Momoqo‘shiq” jurnalda e’lon qilinmagani uchun bo‘lsa kerak... Qolaversa, men bu qissani qayta ishlashga o‘zimda kuch topolmadim. 1989 yili birinchi bor qanday nashr etilgan bo‘lsa, shu holicha yotdi va hozir ham shu holicha bosildi. Aslida voqelikka boshqacha yondashmoqchi edim. Nimadir, o‘sha davrdagi hissiyotlarimmi, xalaqit berdi. Natijada shu qissa chiqdi. Keyin uni tashlab qo‘ydim. Menga qizig‘i yo‘qday edi. Jabbor uni e’lon qilishga ko‘ndirdi. Qissadagi Momo obrazi meni ko‘proq maftun etgandi. “Urush odamlari”dagi katta kelin, bu qissadagi Muazzam men uchun juda yaqin, bir-birini to‘ldiradigandek. Keyinchalik bu asarda topilmagan narsani “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasida Bayna momo obrazida topdim. Aslida, qissa yozaman deganimda men uchun ikkalasi bir obraz edi. Qissa aynan “Shamolni tutib bo‘lmaydi”ning muqaddimasi bo‘lishi kerak edi.

— Noan’anaviy yo‘nalishda yozilgan asarlaringizda tinimsiz ravishda tun, qora, zulmat, tobut, o‘lik, xaroba sifatlariga murojaat etasiz. Bu bilan o‘quvchini ruhan toliqtirib yo asaringizdan bezdirib qo‘yishdan cho‘chimaysizmi? Umuman, sizningcha ijodkor asar yaratayotganda o‘quvchini e’tiborga olishi kerakmi?..

— An’anaga qaysi tomondan qarashga bog‘liq. Agar quruq bayon qilib berish an’anaviy bo‘lsa, to‘g‘ri, men bundan qochishga urinaman. Aslida o‘ta an’anaviy yozaman. O‘zim shunday o‘ylayman. Navoiy, Bobur, Mashrab yoki dostonlarimizga bir qarang. Ularni sinchiklab o‘rgansangiz, men oddiy an’anaparast mashq qiluvchi bo‘lib qolaman. Ularning asarlarida ham “tun”, “qoralik”, “zulmat” va hokazo siz sanagan rangu obrazlar (esingizda bo‘lsa, “Tun panjaralari” Navoiyning “Boshimg‘a ko‘rki, ne tun kelturibsen...” degan bayti bilan boshlanadi) birinchi o‘rinda turadi. Go‘rda tug‘ilgan Go‘ro‘g‘li, bir o‘g‘il er bo‘lib yetishadigan vaqt mobaynida zindonga mahkum etilgan Alpomish (Yodgor balog‘atga yetishi uchun uni shuncha vaqt zindonda saqlash shartmidi? Yoki nega yetti yil? Sakkiz yoki olti yil emas! Nimani anglatadi yetti soni? Zindon-chi?), sandiqqa majburan oqizilgan Tohir, Farhodu Shirin fojeasi bizga nimani anglatyapti? Bu yerda siz aytgan “qora” narsadan tashqari yana qanday tashbeh-ishora, ramz bo‘lishi mumkin? Nega go‘rda tug‘ildi? Nega zindon qilindi? Nega shahzoda bo‘la turib o‘lim topdi? Buyuk xalq va buyuk ajdodlar tafakkuri bizga bular orqali nimalar deyapti? Bu yerda qanday falsafiy kalit bor? Agar savollarni davom ettirsak, yana ko‘plab yangi savollar tug‘iladi. Men ana shu buyuk savollarga ilojim yetganicha, aqlim-idrokim qabul qilganicha javob izlashga uringanman, xolos. Meni voqea emas, uning mohiyati qiziqtiradi. Agar shu mohiyatni — hikmatni topa olsak, sizu biz “qora” deb ta’riflayotgan ko‘pgina narsalar inson aqlu shuurini yoritadigan nurga aylanadi.

Qaysi o‘quvchini e’tiborga olish kerak? Navoiyni, Boburni o‘qiydigan, dostonlarimizdagi hikmatlarni kashf qiladigan o‘quvchinimi yoki ikkita lo‘li baronning bir o‘zbek qizini talashgani yoki daydi qizning kundaligi aks etgan asarni o‘qiydigan o‘quvchinimi?

— Asarlaringizda ekzistentsializm mavjudligi haqida aytilgan fikrlarga qanday qaraysiz?

— Agar tanqidchilar shu fikrda bo‘lsa, bu ularning ishi. Men Kamyuni ham, Sartrni ham o‘qiganman va ular mansub oqimni o‘zimga ancha yaqin olaman. Ekzistentsializm bilan tasavvurimda yaqinlik ko‘p. Mavjudlik falsafasi, avvalo, bu “men”lik falsafasidir.

— Kimdir sizning an’anaviy usulda yozilgan asarlaringizni, yana kimlardir esa falsafiy ruh bilan yo‘g‘rilgan, ramz, ishoralar vositasida ifodalanganlarini yoqtirib o‘qiydi. Ushbu holatdan o‘quvchilaringizning didini ajratish mumkinmi, yanayam aniqrog‘i, aqliy va hissiy didlar orasida tafovut ko‘pmi?

— Aql hissiyot orqali paydo bo‘ladi, hisga esa hamisha aql yo‘l ko‘rsatadi. Faqat bu yerda ham hislar kimnikiligiga bog‘liq. Agar u bilimdon va ma’rifatli odamniki bo‘lsa, tafovut yo‘q. Agar hali tariqatning bu bosqichiga ko‘tarilmagan his bo‘lsa, bor. Osmon bilan yercha farq bor. Ma’rifatli odamlarning aqli va hissi bir mezonda turadi. Faqat ma’rifatsiz va johil odamlar yovuz, mustabid bo‘lishadi. Ma’rifatli ong esa hamma narsadan go‘zallik izlaydi va go‘zallik yaratadi.

— Nima deb o‘ylaysiz, ilgarigi zamonda yashaganlarga nisbatan bugunning odamlari his-hayajon, hayratdan ko‘ra ko‘proq aql-idrokka imkon berib yashayotgandek. Bu ahvolda adabiyotga qiziqish ham haminqadar bo‘lib qolmasmikan?

— Bu xavf bor. Bu xavfni biz olomon madaniyati bostirib kelayotganidan va barchani qamrab, o‘z girdobiga olayotganidan ko‘rib turibmiz. Bugungi yengil shou-tomoshalar, musiqalaru mashshoqbozlikka qanchalik asir bo‘lsak, bu xavf yanayam kuchayadi. Millat ziyolisining vazifasi esa, o‘z millatini ana shu xatardan xalos eta olishda ko‘rinadi. Agar bizning ziyolilarimiz milliy ongimizni va didimizni bu xatardan xalos qilolmasa, unda ertaga bizni siz aytgan sovuq aql va moddiy o‘lchovlardan iborat sovuq kelajak kutib turibdi. Agar xalos etisholsa, unda biz milliy vijdon va milliy didimizni saqlab qolamiz. Shunda san’at ham qoladi, kitob ham.

— Bugungi tanqidchilikdan ko‘nglingiz to‘ladimi? Milliy adabiyotimizning ertasini qanday tasavvur etasiz?

— Tanqidchilarimiz o‘quvchi didini yengil, oldi-qochdi asarlari orqali zaharlab ulgurgan “sariq matbuot” ofatidan saqlab qola olarmikan? Ular bu fojeani his qilishayaptimi? Tanqidchilik o‘z o‘rnini ko‘cha cho‘pchaklari “magnat”lariga bo‘shatib berib qo‘ymadimi?

Ertangi adabiyot ana shu savolga jo‘yali javobdan keyin ma’lum bo‘ladi.

«Men bitta adabiyotni bilaman...»

Milliy yoshlar portali
03 - oktabr 2008


— Nazar aka, ijodingiz borasida adabiyotshunoslarning g’arb adabiyotining ta’siri sezilib turadi, degan fikrlarini ko’p eshitganman...

— O’sha adabiyotshunoslar ancha sinchkov bo’lishsa kerak. Bunday fazilatga havas qilsa arziydi. Shaxsan men asar o’qiyotganda bu G’arbniki, bu sharqniki degan fikr xayolimga kelmaydi. Shuning uchun ham savolingizga o’sha adabiyotshunoslarning o’zlari javob berganlari ma’qul. Biron narsa yozayotganda yozuvchi bir sharqcha, yo G’arbcha qilib, qoyillatib tashlay, deb o’ylamaydi. Ko’ngliga kelganni, o’zini to’lqinlantirganni yozadi. Uni turli shaklga solish mumkin. Ya’ni o’z dardini to’kish uchun turli vositalar izlashi mumkin. Men, shaxsan bunaqa vositalarni ko’proq o’z ertak, dostonlarimizdan olaman.

Hozir asar sal boshqacharoq yozilsa bo’ldi — bu G’arbcha adabiyotga taqlid, deb baho beradiganlar ham bor. Bunaqa baho berishlarda menga ko’proq «mana, ko’rayapsizlarmi, men G’arb adabiyotidan ham xabardorman» degan iddao borday tuyuladi. Agar sal boshqacha ifoda, boshqacha yondashuv uchrasa yoki ko’nikmadan chiqilgan shakl topilsa, bu G’arb degani emas, oldin o’zimizni bir tekshirib ko’raylik. YAna o’sha ertagu dostonlarga bir qarab ko’raylik. G’arbcha ta’sirlarni «fosh» qilishga vaqtimiz yetadi. £olaversa, biz ham G’arbdagi intellektual salohiyatli odam­lardan qolishmaydigan, ular bilan bir davrda yashab, ular foydalanayotgan vositalardan foydalanib, ular kabi fikrlay va o’ylay boshlaganimizga ancha bo’ldi. Bir davrda yashab, bir zaminning havosini olayotgan insonlarmiz. Bir-birimizga o’xshab o’ylashimiz, iztirob chekishimiz, sevishimiz tabiiy. Lekin muhimi bu emas. Muhimi, nima deb baho berishsa ham asarning o’qilayotgani. Yozuvchining yutug’i shu. Biron adabiyotning ta’sirini sezishi uchun ham o’qish kerak bo’ladi. Hozirgi paytda ta’sir izlab bo’lsa ham o’qib turishganiga shukr qilish kerak.

— O’zbek adabiyotining zabardast vakillari — Abdulla £ahhor, Said Ahmad, Shukur Xolmirzaev hikoyachilikda o’ziga xos maktab yaratganlar. Ulardan keyingi avlod vakillari ijodiy ishlarida katta yutuqlar qo’lga kiri­tilganmi? Kuzatganmisiz?

— O’zbek hikoyachiligida maktab yaratish yo ma’lum bir o’rin qoldirish uchun yuzlab hikoya yozish shart emas. Bitta hikoya bilan adabiyotda o’ringa ega bo’lish mumkin. Men Shukur Xolmirzaevning, Abdulla £ahhorning hikoyachilik maktabi­ga daxl qilmagan holda aytmoqchimanki, u­lar­dan ke­yin­gi avlod vakillarida ham hikoya maktabi bor. Endi bu adiblar kam mahsul bo’lgani uchun ham maktab yaratmagandek tuyulishi mumkin.

Adabiyotda bitta hikoyaning o’zi bilan maktab yaratgan yozuvchilar bo’lgan va bundan keyin ham bo’ladi. «Dashtu dalalarda» hikoyasining o’ziyoq Murod Muhammad Do’stni o’zbek hikoyachiligida o’ziga xos yo’nalishdagi, o’ziga xos maktabdagi asar yaratgan, yangi shakl, ohang, ruh olib kirgan adib sifatida tan olishga to’liq asos beradi.

— Hozirgi (keyingi uch-to’rt yil ichidagi) o’zbek adabiy jarayonida hikoyachilik qay holatda?

— Hozirgi (uch-to’rt yilgi) o’zbek hikoyachiligi bormikan? Keyingi paytlarda chin ma’nodagi hikoya deyilishga arzigulik biror asar o’qiganim yo’q. Balki, bu mening aybimdir? O’qimay qo’yganman desam, xato bo’ladi. Chop etilayotgan hikoyalarni ilinj bilan o’qishga harakat qilaman. Ammo yarmiga yetganda, hafsalam pir bo’ladi. Bu hikoya emas. Cho’pchak. Hozir cho’pchaklar davri. Kim qotirib, cho’pchak yozsa, o’shaning xaridori ko’p. Hikoya sotilmaydi. Cho’pchakni esa sotish, gazeta tirajini oshirish mumkin.

Shuning uchun ikki yildan beri Shukur Xolmirzaev hikoyalarini qayta-qayta o’qiyapman. Bu adibning so’nggi hikoyalari o’zbek adabiyotida o’ziga xos bir yo’nalish, voqea sifatida hali o’z bahosini olgani yo’q. Shukur aka ichida quyuni bor yozuvchi edi. Men garchi ba’zi hikoyalarining boshi yo oxirini ortiqcha va keraksiz deb bilsam-da, har bir hikoyada adib ichidagi quyunni ko’raman. Aslida iste’dod degani ichidagi quyunni so’z bilan ko’rsatib berish bo’lsa kerak. Shukur aka ba’zi bir hikoyalarida quyunni bo’ronga aylantira olgan. Hozircha (keyingi uch-to’rt yillik) hikoyachilikda Shukur aka yoxud Xurshid Do’stmuhammadning ancha oldin yozilgan hikoyalaridan tashqari, siz aytmoqchi, voqea bo’ladigan hikoyalarni o’qiy olganim yo’q.

— Adabiyot... badiiy adabiyot san’atning bir turi. San’at asarlarini esa iste’dodli ijodkorlar yaratadilar. Tarix tan olgan iste’dodlar ko’p: Sofokl, Shekspir, Navoiy,Tagor... Bu kabi san’at namoyandalari kamdan-kam tug’iladi. O’tgan asrda yashab o’tgan qaysi adiblarni mana shu daholar safiga qo’shgan bo’lardingiz?

— Siz keltirgan daholar adabiyotning juda katta «tog’»lari. Bu «tog’»lar oldida «qir»lar bo’lishi tabiiy. XX asrda yashab ijod etgan Abdulla £odiriy, Cho’lpon, Hamid Olimjon, Oybek va boshqa «qir»lar o’sha «tog’»larga borib birlashadi. Ayniqsa, o’tgan asrning 60-70- yillarida adabiyotga kirib kelgan juda ko’p shoir-nosirlar ham mahorat, ham adabiyot chegaralarini kengaytirgan adiblar sifatida, «tog’»lar yonida «qir»lar bo’lib turadi. Ularni sanasak, juda ko’p. O’sha «qir»lar bo’lmasa, «tog’»ning salobati bilinmay qoladi.

Tasavvur qiling, sahro o’rtasida, baland tog’ qoyasi qo’qqayib tursa, qulab tushishi mumkin. XX asr­da Navoiy atrofida, mazkur «qir»larimiz, «qoya»larimiz ko’paydi. Masalan, ham qissa, ham hikoyada tarixiy janrni boshlab bergan Mirkarim Osim, o’ziga xos eksperimental ijod qilgan (ham nasrda, ham she’riyatda) Asqad Muxtor va boshqalar bu adabiy chegaralarni kengaytirganlar.

— Siz milliy adabiyotimiz ustida to’xtaldingiz. Men dunyo miqyosidagi adabiyot, katta doiradagi adiblarni nazarda tutgan edim...

— Men milliy yo jahon adabiyoti deb farqlamayman, asar adabiy nuqtai nazardan zavq bera olsa, bo’ldi. Sizning yuqorida keltirgan ro’yxatingizga adabiyotga qo’shgan hissasi, asarlari odamga bergan zavq nuqtai nazaridan ko’p adiblarni kiritish mumkin. XX asrda ham tabiiy ravishda «qir»lar ro’yxatiga kirishi mumkin bo’lganlar ko’p: adabiyotni o’rgangan sayin chuqur o’rgatadigan Kortasar, Robert Myuzel, xarakter va tipik nasriy timsol yaratib bergan Kafka. YAponlardan Kavabata, Kobo Abe, Ryunesko Akutagava, Tanidzaki Dzyunitiro. Lotin Amerikasidan Borxes, Markes, Sabota, Korpenterni. Ha, Onettini. U — stilist (Bu yozuvchini juda qadrlayman).

YAna Xeminguey, Tomas Vulf, Folkner-bu adiblar bir Ame­rikaning o’zidan chiqayapti. yevropaning o’zidan qancha. Sartr, Marsel Prust, Kamyu... Rus adabiyotida Pasternak, Bunin, Bulgakov, Sholoxov.

Bu adiblarni o’qib, zavq olasiz, adabiyotning sof, chinakam vazifasini teran anglaysiz, hayotni, jamiyatni, o’zingizni o’rganasiz. Bular bir ilm. Bu ilmni o’rgangan sayin ko’nglingiz yuksalib boradi, aqlingiz teranlashadi, insonning mohiyati va vazifasini ko’proq anglaysiz.

— G’arb adabiyotshunoslarining e’tiroficha, yevropa adabiyotini uch ustun ko’tarib turar ekan: Kafka, Jeyms Joys, Marsel Prust. Bu ta’rifga munosabatingiz....

— Bu uch buyuk yozuvchining G’arb adabiyotida tabiiy ravishda o’rni bor. Buni hech kim inkor qilolmaydi. Biroq yevropa adabiyotini bu uch yozuvchi bilan chegaralab qo’yish noto’G’ri. Agar Kafka ustunroq bo’lsa, Kamyu qaerga ketadi? Sartr-chi?

Kafkada inson fojeasi, inson haqidagi ixtirolar ko’proq. Kamyuda esa shu iztirobni anglash, uni tahlil etish kuchli. Prust yaxshi. Ammo Sartr lo’ndaroq va faylasufroq. Bu adiblarni bir-biridan ajratib, bunisi past, bunisi baland deyishning o’zi noto’g’ri. Myuzelni olsak... uning ijodida ozod odamning qiyofasizlikka aylangan qiyofasi ochib tashlangan. XX asrda quldorlik yo’qoldi, biroq jamiyatga har tomonlama qul qilingan —insoniylik qiyofasini yo’qotgan odamlar ko’z oldingizda gavdalanadi. £iyofasiz odam — ozod bo’lgani bilan baribir ma’nan quldir. «£iyofasiz odam» asari XX asrning ma’naviy tarixi, undan ham voz kechib, o’rnini pasaytirib bo’lmaydi.

— G’arb adabiyotidagi oqimlarda ijod qilgan adiblarga ayrim tanqidchilarimiz taqlidchilik, «G’arb adabiyoti soyasida qolgan» kabi ayblarni taqashadi. Bunga siz qanday munosabat bildirasiz?

— Shunaqa ayblov bilan chiqayotganlar na milliy adabiyotni yaxshi bilishadi, na G’arb adabiyotini. YAna aytaman, biron narsa haqida fikr bildirishdan oldin uzoqdagi minoraga qarab emas, yoningizdagi loysuvoq uyga qarab oling. Keyin minoralarga taqlidda ayblayverasiz. YA’ni an’analarni o’rganish kerak. £aysi an’ana G’arbcha, qaysi an’ana sharqcha, ajratish kerak.

Umuman, shu asar zamirida iste’dod bormi? Agar iste’dod bo’lsa, uni hech qachon taqlidchilikda ayblab bo’lmaydi. Dunyoning rivojlanishi adabiyotlarning bir-biriga ta’sirisiz kechmaydi. Bir paytlar G’arbning o’zi sharqdan juda ko’p ta’sirlanib, ko’p narsalarni o’zlashtirgan. Misol uchun, Lotin Amerikasi. Ham sharq, ham G’arb, ham yapon an’analarini singdirib olgan. Adabiyotlarni bir-biridan uzib olib rivojlantirib bo’lmaydi.

— Modern, ong oqimi, absurd va shu kabi talay adabiy oqimlar g’arbda paydo bo’lgan. Adabiyot uchun belgilangan yuksak mukofot — «Nobel»ni ham aksariyat G’arblik adiblar olishadi. Milliy adabiyotimiz posangisi g’arbnikidanshu qadar yengilmi yo bizda tarjima yo’lga qo’yilmaganmi? Yoki boshqa sabablari bormi? Nima deb o’ylaysiz?

— Bu yerda hamma aytganlaringiz to’G’ri. Zamonaviy adabiyotimizning posangisi ham yengil, iste’dod nuqtai nazaridan ham oqsaydi. Shu bilan birga ba’zi «Nobel» mukofoti olgan adiblarga muqoyasa qiladigan bo’lsak, bizda ham shu darajadagi adiblar bor. «Nobel» mukofoti hamisha adolatli bo’lgan emas. Nobelchilarning o’ziga xos o’yinlari, talablari, fikrlari bor. Agar Urxun Pomuq darajasidagi adiblarga mukofot berish kerak bo’lsa, unda talabgorlar topsa bo’ladi. Deylik, Aytmatovga ham berilsa bo’lardi. Shu bilan birga tarjima tajribalarimiz ham deyarli yo’q. Dunyoni o’ziga jalb qilgan asarlarimiz kam. «Nobel» mukofoti taftish qilinsa, menimcha shundan ?ttiz foizi mazkur mukofotga arziydigan adiblar bo’lib qoladi. Modern, absurd, ong oqimi — bu yo’nalish, oqimlarni adabiyotshunoslar o’ylab topishgan. YOzuvchilar qanday o’ylasa, shunday yozadilar. Boshqasi qiziqtirmaydi. Meni ham qiziqtirmaydi.

— «Lahad» degan roman yozgan ekansiz? Uni nega haligacha e’lon qilmadingiz?

— Bu romanning asosiy qismi 90-yillar boshida yozilgan. Romandan qulash arafasiga kelib qolgan, insonning botiniy quvvatini so’rish evaziga yashab kelgan tuzumning badbo’y hidlari anqib turibdi. Men o’tgan yillar davomida asarni faqat tahrir qilish bilan shuG’ullandim, xolos. Necha bor urinmay, uni qayta yozish, voqelikni boshqa izga solish va hatto nomini o’zgartirishga ham, baribir, kuchim yetmadi.

O’tgan yillar ichida alohida asar sifatida o’zini oqlamaydi degan shubhada bu mashqning ichidagi ba’zi boblarini mustaqil hikoya sifatida e’lon ham qildim. Uzoq ikkilanishlardan so’ng uni qay tarzda yaratilgan bo’lsa, o’sha holatda qolgani ma’qul, degan xulosaga keldim. O’zining mavjudligini isbot qilib berolmagan, odamzotni xo’rlash va haqoratlash evaziga qurilgan mustabid tuzumdan chiqariladigan kichik bir saboq bo’lib qolishi uchungina uni yaqinda e’lon qilishga ham qaror qildim. Chop etilib qoladi.

— Yoshlarga aytar gapingiz...

— Ko’proq o’qishsin. O’qigan odam hech qachon yomon bo’lmaydi. Ko’nglida baribir yaxshilik qoladi. O’sha yaxshilik uruG’ bo’ladi. UruG’ o’sib, ertaga meva beradi.Inson uchun gazetami, jurnalmi, kitobmi, o’qishga arzigulik asar bo’lsa, ko’nglida nimadir uyG’onadi. YOruG’likka chorlaydi. Mutolaa odamni ezgulikka boshlaydi.

Umid Ali suhbatlashdi


Ïîäåëèòåñü çàïèñüþ â ñîöñåòÿõ ñ ïîìîùüþ êíîïîê:

Ïðîñìîòðîâ: 14102
Ðåéòèíã:
  • 0

Ðåêëàìà îò ïàðòíåðîâ: